Afg‘onistonlik xotin-qizlarning O‘zbekistonda tahsil olishi uchun ta’lim grantlari ajratildi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va BMTning Taraqqiyot dasturi 10-iyul kuni afg‘onistonlik ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari kengayishini O‘zbekistonda tahsil olish uchun ta’lim grantlari orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chegaralararo tashabbusni amalga oshira boshladi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyihaning maqsadi o‘z yurtida ta’lim va ish bilan ta’minlashda erkaklarga qaraganda nomutanosib to‘siqlarga duch kelayotgan afg‘on ayollari uchun ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim qilishdan iborat.
Loyihaga binoan, afg‘onistonlik ayollar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini o‘rganadi hamda o‘qishni tugatgandan so‘ng ularga texnik va kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi guvohnomalar topshiriladi. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbus uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratgan bo‘lib, loyihaning 2025-yilgacha amalga oshirilishini ta’minlaydi.
“Ayollar o‘z milliy iqtisodiyotlari o‘sishiga asosiy hissa qo‘shuvchilardir. Shunga qaramay, ular ta’lim olish, munosib mehnat va teng maosh olish imkoniyatiga ega bo‘lish yo‘lida ko‘pincha ijtimoiy to‘siqlarga duch kelishadi. Malakalari ortishi bilan ayollar xususiy yoki davlat sektorida yuqori darajadagi ish joylariga ega bo‘lishlari kutilmoqda, bu ularga o‘z mamlakatlari rivojiga samarali hissa qo‘shishga imkon beradi”, — deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Eduards Stiprais.