Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni qanchaga yetsa, sogʻliqni saqlash tizimi inqiroz holatiga tushadi?

AOKA huzuridagi shtabda 13-iyul kuni tibbiyot fanlari doktori, professor Anvar Alimov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Unda O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq muhim savollarga javob berildi.

Xususan, “Oʻzbekistonda koronavirusga chalinganlar soni qanchaga yetsa, sogʻliqni saqlash tizimi inqiroz holatiga tushib qoladi? Imkoniyatlarimiz qancha kasallarga xizmat koʻrsatishga yetadi?”, degan savol berildi.

Anvar Alimov bunga quyidagicha javob berdi:

“Bu borada dunyo hamjamiyatidagi statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratish kerak. Janubiy Koreyani olamizmi, Xitoyni olamizmi, bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashayotgan davlatlarning tajribasini oʻrganganimizda, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar mutaxassislar bergan takliflarga asoslangan.

Xususan, bizda ham shunday. Taklif-tavsiyalarni davlat komissiyasi har tomonlama oʻrganadi. Barcha ishlarimiz komissiya tomonidan qabul qilingan protokollar ijrosi doirasida amalga oshirilyapti. Hozir biz bir necha asosiy yoʻnalishlarda olib borayotgan ishlarimiz keyingi bosqichdagi holatlarning oldini olishga qaratilgan”.

Avvalroq Nurmat Otabekov O‘zbekistonda kasallanganlar to‘g‘risidagi statistika kamaytirib ko‘rsatilgani yo‘qligini bildirgani, O‘zbekistonda Xitoy tomonidan yuborilayotgan testlardan koronavirus yuqayotgani haqidagi xabarlar rad etilgani, koronavirusni qon zardobi bilan davolash amaliyoti to‘xtatilgani xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 13-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 13 360 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 7 852 nafari sog‘aygan, 62 nafari kasallik oqibatlaridan vafot etgan.

Янгиликлар