Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul, chorshanba kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shugʻullanmagani uchun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganmagan.Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmagan.

“Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun mas’uliyatni his qilmagan”, — dedi davlat rahbari.

Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish koʻrsatmasi berildi. Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini koʻradi.