SSV koronavirusga chalingan IIV podpolkovnigi va Toshkent shahar IIBB mayorining vafot etganini tasdiqladi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ikki nafar xodimi 13—14-iyul kunlari vafot etgani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu xabarni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Olmazor tumanida yashovchi 36 yoshli Sh.A. tana harorati koʻtarilishi, umumiy holsizlik sababli Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot boʻlimi poliklinikasiga murojaat qilgan.

Shundan soʻng COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va 13-iyul kuni kasallik tasdiqlangan. Bemor Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tibbiyot boʻlimi poliklinikasi tomonidan tibbiy kuzatuvda boʻlgan.

Soʻnggi kunlarda bemorning tana harorati tushmagan. U oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shuningdek, Toshkent tumanida yashovchi 48 yoshli Sh.N. 24-iyunda xizmat safari bilan Surxandaryo viloyatida boʻlib, tana harorati koʻtarilganligi va holsizlik sabab viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot boʻlimiga murojaat qilgan.

Unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorda oʻtkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi va ikki tomonlama pnevmoniya ogʻir kechishi, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi, surunkali bronxit tashxisi qoʻyilgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiyalar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shu yilning 14-iyul kuni uning ahvoli keskin ogʻirlashgan. Reanimatsiya boʻlimi shifokorlarining muolajalariga qaramasdan bemor oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 71 nafarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 14 466 nafarni tashkil qilmoqda. Ularning  8 343 nafari sog‘aygan. Hozirda 6 054 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.