AQSh xitoylik hakerlarni COVID-19’ga qarshi vaksinasi haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlaganlikda aybladi
AQSh Adliya vazirligi Xitoyning ikki fuqarosini yuzlab tashkilotlarning, shu jumladan, hukumat tashkilotlarining ham kompyuter tizimiga buzib kirishda aybladi. Bu haqda vazirlikning saytida xabar berilgan.
Amerika rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar ba’zi holatlarda o‘z manfaatlari yuzasidan, boshqa hollarda Xitoy maxsus xizmati yoki hukumati topshirig‘iga ko‘ra harakat qilgan. Adliya vazirligi ularning AQSh uchun tahdid uyg‘otuvchi terabayt ma’lumotlarni o‘g‘irlaganligini ta’kidlamoqda.
“Endi Xitoy Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya bilan bir qatorda kiberjinoyatchilarni davlat uchun ishlashi evaziga boshpana bilan ta’minlaydigan sharmanda mamlakatlar qatoridan joy oldi”, — deydi Bosh prokurorning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jon S. Demers.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujumga uchragan ma’lumotlar orasida koronavirusga qarshi vaksina bo‘yicha ishlanmalar ham bo‘lgan. Adliya vazirligining bayonotida hakerlar nafaqat vaksina bilan shug‘ullanuvchi, balki test-tizimi va COVID-19’ga qarshi preparatlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning tizimidagi zaif nuqtalarni o‘rganib chiqqan.
Adliya vazirligi hakerlarni kiberfiribgarlik (og‘ir jazo — besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) va tijoriy sirlarni o‘g‘irlashda (o‘n yilgacha qamoq jazosi) aybladi va AQSh Kongressi barcha bandlar bo‘yicha eng og‘ir jazoni berishi kerakligini qayd etdi.
Avvalroq JSST sobiq eksperti dunyoning 80% aholisi vaksinasiz qolishini aytgani xabar qilingan edi.