Namanganda foydali qazilmalarni ekskovatorda ruxsatsiz qazib olayotgan fuqaroga 11 mln so‘mdan ortiq jarima belgilandi

Namangan viloyati Namangan tumanida 24-iyul, juma kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Namangan tuman kengashi deputati J.Asqarov va Namangan tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan reyd tadbirlari olib borildi. Bu haqda partiyaning Namangan tuman kengashi xabar qildi.

O‘tkazilgan reyd natijasida “Shamsiko‘l” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanida Chust tumani “Shoyon” MFYda yashovchi fuqaro Masaidov Azizbek tomonidan qo‘lida hech qanday huquqiy hujjat bo‘lmay turib, tegishli organlar ruxsatisiz, o‘ziga tegishli “Hyundai” rusumli ekskavator yordamida keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olayotganligi aniqlandi.

Ushbu fuqaroga mazkur huquqbuzarlik harakatini muqaddam ma’muriy chora ko‘rilganligiga qaramasdan takroran sodir etayotganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-1-moddasi 2-qismiga asosan 11 million 150 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Avvalroq Buxoroda qamishlarni suv havzasidan noqonuniy ravishda o‘rib ketayotgan shaxs to‘xtatib qolingani xabar qilingan edi.