Samarqandda 6 oy ichida qariyb 3 trln so‘m kredit ajratildi

Samarqand viloyatdagi tijorat banklari tomonidan o‘tgan 6 oyda turli loyihalarni amalga oshirish uchun 2 trillion 989 milliard 565 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Bu haqida viloyat matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda 358 milliard 748 million so‘mga, ya’ni 12 foizga ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Ajratilgan kreditlar jismoniy shaxslarga 1 trillion 16 milliard 233 million so‘mni, yuridik shaxslarga 1 trillion 973 milliard 333 million so‘mni tashkil etdi.

Jumladan, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan 386 ta loyihaga 1 trillion 449,5 milliard so‘m kreditlar ajratildi. Mablag‘ning 224,9 milliard so‘mi 2020-yilning birinchi yarmida ishga tushishi belgilangan 123 ta loyihalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini oshirish dasturlari doirasida 8086 ta loyihaga 249 milliard 416 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, 911 ta kam ta’minlangan oilaga 9 milliard 346 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doirasida ajratilgan kreditlar hisobiga viloyatda 5148 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Avvalroq O‘zbekistonda xorijiy valyuta sotib olish hajmi 6 oy davomida 1,7 mlrd dollarga yetgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар