Toshkentda 65 yoshli bemor vafot etdi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 86 nafarga yetdi
Toshkentda koronavirusga chalingan 65 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Olmazor tumanida yashagan 65 yoshli K.G. ismli erkakda 11-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.
Bemor doimiy ravishda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan davolanib yurgan.
Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan. Bemor, mutaxassislar tomonidan standart asosida o‘tkazilgan reanimasion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 19-iyul soat 18:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 178 nafarga ko‘payib, 16 607 nafarni tashkil etgan.
Mamlakatda 9178 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan.