Buxoroda “Cobalt” yuk mashinasining ostiga kirib ketishi oqibatida uch kishi vafot etdi

Foto: Tergov departamenti

Buxoro viloyati Peshko‘ tumanidan o‘tuvchi Xorazm-Buxoro yo‘nalishida 1-iyul kuni soat 07:00 da 21 yoshli H.S. haydab ketayotgan “Cobalt” oldinda harakatlanib borayotgan 52 yoshli Yu.Sh. boshqaruvidagi “Mercedes-Benz 1841 LS” rusumli yuk mashinasining orqa qismiga urilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

YTH oqibatida, “Cobalt” haydovchisi H.S. va yo‘lovchi sifatida ketayotgan 22 yoshli S.Y. hamda 50 yoshli P.N.lar voqea joyda vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Peshko‘ tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3 -qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Buxoro viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Surxondaryoda “Malibu” va “VAZ 2101” ishtirokida bo‘lgan YTHda ikki kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар