Asakada 9 yashar qizni vahshiylarcha o‘ldirishda gumon qilinib, 23 yoshli qo‘shni ayol qo‘lga olindi

Andijon viloyati Asaka tumanidagi mahallalarning birida 21-iyun kuni voyaga yetmagan Q.I.ning yashash xonadonidan jasadi topilgani ma’lum qilingandi. Vafot etgan shaxsning o‘limida gumon qilinib, 23 yashar ayol hibsga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “TezNews”ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, A.X. (gumondor tariqasida qo‘lga olingan ayol, 1997-yilda tug‘ilgan) marhumaning xonadoniga qo‘shni bo‘lib, fojia sodir bo‘lgan kuni uning onasini “bolasiga qarab turish” iltimosi bilan uyiga taklif qilgan. So‘ng qo‘shnining uyi qarovsiz qolganidan foydalanib, o‘g‘irlik maqsadida u yerga kirib, tortmadan 500 ming so‘m pul olayotgan vaqtida uni 9 yoshli Q.I. ko‘rib qolgan va so‘roqqa tutgan. Ayol jinoyatini yashirish maqsadida o‘zi bilan olib chiqqan pichoqni qizaloq tanasining turli joylariga sanchib, hodisa joyidan yashiringan.

A.X.ning ko‘rsatmalari hodisa joyiga chiqib tekshirilganda jinoyat quroli sifatida foydalangan pichoq topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan va jinoyat ishiga qo‘shilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan guvoh tariqasida so‘roq qilingan bir necha nafar qo‘shnilar fojia sodir bo‘lgan vaqtda A.X. qizaloq yashaydigan uyga uch marta kirib-chiqqanligini ko‘rganini aytgan.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi Bosh prokuror tashabbusi bilan markaziy mahkama ish yurituviga olinib, uning shaxsiy nazorati ostida O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Янгиликлар