Yangi o‘quv yilida qancha o‘quvchi 1-sinfga borishi ma’lum qilindi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tegishli ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati o‘rganilmoqda, deb xabar berdi inspeksiya matbuot xizmati.

Foto: O‘zA

Ta’kidlanishicha, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida sharoitni yaxshilash, ularni yangi o‘quv yiliga tayyorlash maqsadida vazirlikning 28-maydagi buyrug‘i bilan harakatlar dasturi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirilgan.

Mazkur dasturga ko‘ra maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlashning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilangan:

– O‘quv binolarini ta’mirlash va maktab hududini obodonlashtirish;

– Sinflarni zarur jihozlar bilan ta’minlash;

– O‘quvchilarni darsliklar, o‘qituvchilarni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash;

– O‘quv jarayonining pedagogik va metodik ta’minotini yaxshilash;

– O‘quv jarayonida AKTdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;

– Ta’lim sifatini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlar.

Bugungi kunda umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilishi bo‘yicha hududlarning reja-grafigi tasdiqlangan. 2020-yilda respublika bo‘yicha jami 84 872 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 315 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

2020–2021-o‘quv yili uchun maktablarning 1-sinfiga qabul joriy yilning iyul–avgust oylariga rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yangi o‘quv yilida 650 116 nafar bolalar 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. An’anaga ko‘ra ular uchun “Prezident sovg‘asi” sifatida o‘quv jihozlari va darsliklar berilishi rejalashtirilgan.

Янгиликлар