O‘zbekistonda avia va temiryo‘l qatnovi faoliyati to‘xtatiladi, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklanadi
Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etildi.
Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida joriy etilgan karantin cheklovlari quyidagilar:
– sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatiladi;
– mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temiryo‘l qatnovi to‘xtatiladi;
– 65 yoshdan oshgan shaxslarga “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.
Shuningdek, 18–19-iyul hamda 25–26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.
Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
18–19-iyul hamda 25–26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:
– aholiga “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uyida qolish;
– davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.