Farg‘onada harbiy xizmatchi yong‘inda qolgan odamlar hayotini saqlab qoldi
Farg‘ona shahri Qirguli mavzesidagi 17-uyda sodir bo‘lgan yong‘inda kichik serjant Farhodjon Nabijonov odamlar hayotini saqlab qoldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 14-iyul kuni mazkur uyning 25-xonadoni yong‘in ichida qolgan. Farg‘ona shahar yong‘in xavfsizligi bo‘limi qutqaruv guruhi chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga yetib kelib, vaziyatni o‘rgana boshlagan. Shu payt kichik serjant Nabijonov yong‘in bo‘layotgan xonadonga chiqib, uy egasini qutqargan.
So‘ngra uyning 5-qavatida qiz bolaning ovozini eshitib, ikkinchi marta yong‘in bo‘layotgan uyga kirgan va qizaloqni ham ko‘chaga olib chiqqan. Shuningdek, Farhodjon Nabijonov qutqaruv guruhiga yong‘inni o‘chirishda yordam bergan.
Avvalroq Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat burchini boshlagan muddatli harbiy xizmatchilar uchun Jizzax viloyatidagi “Forish” va Samarqanddagi “Sazagan” dala-o‘quv maydonlarida jangovar texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.