O‘zbekiston Ozarbayjon—Armaniston chegarasida yuz bergan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuv bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi va mazkur mojaroni siyosiy-diplomatik muzokaralar asosida hal qilishga chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Sputnik”

Qayd etilishicha, mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin.

Shu sababli O‘zbekiston tomonlarning o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori va holatni barqarorlashtirish hamda mazkur vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqirmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanligini bildiradi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, vazirlik mojaro oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 12-iyul kuni Ozarbayjon va Armaniston chegarasida ikki tomon askarlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz bergandi. Ushbu to‘qnashuvda ozarbayjonlik 2 nafar yuqori martabali harbiy halok bo‘lgan. Armaniston Mudofaa vazirligining ma’lumotlarga ko‘ra, ular tomondan hech kim jarohat olmagan.

Янгиликлар