Angren va Xorazmdagi shakar zavodlari faoliyati nega to‘xtatilganiga izoh berildi

O‘zbekistondagi shakar ishlab chiqaruvchi ikki yirik zavod “Angren shakar” MChJ va “Xorazm shakar” MChJ rasman ish faoliyatini to‘xtatganini 15-iyul kuni e’lon qilgandi. “Kun.uz”ning yozishicha, “Angren-shakar” MChJ matbuot xizmati buni xomashyo zaxirasining tugaganligi va mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar bozordagi raqobatga bardosh bera olmayotganligi, bozorlarni nisbatan arzon import shakar egallagani bilan izohlagan.

Foto: “Produkt.by”

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasidan bu masalada qoʻshimcha ma’lumotlarni bergan. Bildirilishicha, 2020-yilning iyul oyida respublikada faoliyat yuritayotgan shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga jami 12 ming tonna shakar qoʻyilgan. Xususan, 16-iyul kuni “Angren shakar” MChJ tomonidan 650 tonna, “Xorazm shakar” MChJ tomonidan 350 tonna mahsulot qoʻyilgan.

Bugungi kunda ikkala korxona omborlarida 47 ming tonnadan ortiq tayyor mahsulot mavjud va sotilgan mahsulotlarning xaridorlarga yuklanishi davom etmoqda. Korxonalar faoliyati toʻxtatilishi vaqtincha ekanligi va maqsad ishlab chiqarish tizimida tozalash va taʼmirlash ishlarining amalga oshirilishi ekanligi maʼlum boʻldi.

Korxonalar omborlaridagi tayyor mahsulot qoldigʻi profilaktika ishlari yakuniga qadar yetarli miqdorda mavjudligi hisobiga shakar savdolariga qoʻyib borilishi va taʼmirlash ishlari yakunlanishi bilan yana zavodlar oʻz faoliyatini davom ettirishi rejalashtirilganligi maʼlum qilindi, deyiladi qoʻmita tomonidan.

Ushbu xabarlarga “Angren shakar” MChJ bosh direktori Rustam Akbarxodjayev va “Xorazm-shakar” MChJ bosh direktori Umidjon Komilov oʻz munosabatini bildirgan.

“Oʻzbekistondagi mavjud ikkita shakar zavodi xom-ashyo tugaganligi munosabati bilan ishlab chiqarishni vaqtinchaga toʻxtatgan edi. Hozircha ushbu vaziyatdan foydalangan holda zavoddagi barcha uskunalarda profilaktik tozalash ishlari olib borilmoqda.

Xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar oʻtgazgan holda xom-ashyo muammosi ham bartaraf etilmoqda. Yaqin kunlarda ikkita zavodda ishlab chiqarish toʻliq quvvat bilan boshlab yuboriladi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Maʼlumotlarga koʻra, “Angren shakar” MChJ va “Xorazm shakar” MChJda jami 2 ming kishi mehnat qiladi.

Янгиликлар