Samarqandda qurilish sohasida soxta hujjatlar bilan fuqarolarga ko‘p miqdorda zarar keltirgan shaxslar qilmishi fosh etildi
Samarqand shahrida ikkita ko‘p qavatli turar joy binosi oxirigacha qurib bitirilmay, firibgarlik yo‘li bilan sotilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura “TezNews”ga xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.I.” MChJ ta’sischisi Sh.I. va boshqalar Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasida 7 qavatli turarjoy binosini to‘liq qurib bitirmasdan, tegishli hujjatlarga tugatilganligi haqida soxta yozuv va ma’lumotlar kiritib, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan, tugallanmagan turarjoylarni fuqarolarga sotib, jami 1 milliard 146 million so‘m miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlandi.
Shuningdek, yuqoridagi holat kabi “Z.S.S.” MChJ rahbari E.Sh. va boshqarlar Rudakiy ko‘chasidagi boshqa bir 7 qavatli turarjoy binosini oxirgacha to‘liq qurib bitirmasdan, tegishli hujjatlarga tugatilganligi haqida soxta yozuv va ma’lumotlar kiritib, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan, tugallanmagan turarjoylarni fuqarolarga sotib, jami 300 million so‘m miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan “T.I.” MChJ ta’sischisi Sh.I., “Z.S.S.” MChJ rahbari E.Sh. va boshqarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 19211-moddasi 2-qismi va 228-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.