Toshkentda fuqaroning uyidan 70 mln so‘mlik tilla buyumlari va kompyuterini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olindi
Toshkent shahri Chilonzor tumanida fuqaroning uyidan 70 million so‘mlik tilla buyumlari va kompyuterini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Xabar berilishicha, Toshkentda 39 yoshli G.X. (ayol) Chilonzor tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2020-yiling 30-iyun kunidan 13-iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs uning uyiga kalit tanlash yo‘li bilan noqonuniy ravishda kirib, umumiy qiymati 70 million so‘m bo‘lgan sariq metalldan yasalgan turli xil zargarlik buyumlari va 1 dona “Lenovo” rusumli noutbukni o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Shayxontohur tumanida yashovchi 25 yoshli M.R. sodir etganligi aniqlanib, undan o‘g‘irlangan buyumlarning bir qismi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilib olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq Sergelidagi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan ma’lumot berilgani va Samarqandda qurilish sohasida soxta hujjatlar bilan fuqarolarga ko‘p miqdorda zarar keltirgan shaxslar qilmishi fosh etilgani xabar qilingandi.