O‘zbekistonda tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda “Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020-yil 20-iyuldan:

Koronavirus epidemiyasi davrida normativga qo‘shimcha ravishda kecha-yu kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot xodimi va 1 nafar haydovchidan iborat ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi.

Kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar o‘rniga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari belgilanadi:

  • vrach xodimlarga — 2,5 mln so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga — 1,5 mln so‘m;
  • haydovchilarga — 1,0 mln so‘m.

Undan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi epidemiologik vaziyat, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar sonidan kelib chiqib ixchamlashtirilgan mobil tez yordam brigadalarining vaqtinchalik normativlari tasdiqlanadi.

Avvalroq Behzod Musayev pulini ololmay qolgan tibbiyot xodimlariga to‘lovlar to‘lab berilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Undan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар