Rasul Kusherbayev: “‘Erkatoy’ monopolistlarimiz ‘bezbetlarcha’ katta-katta mablag’larga ega bo’layotgani asabni tarang qilmoqda”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev  “O‘zbekneftgaz”ni, “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni va elektr tarmoqlarini jiddiy tanqid qildi.

Rasul Kusherbayev.
Foto: Xalqaro press-klub

Xususan, “Yaqinda Prezident farmoni bilan Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgandi. Jamg‘armaning asosiy maqsadi koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha choralarga sarflanishi kerak bo‘lgan mablag‘lar tashkil etadi”, —  deb yozadi u o‘zining Telegram kanalida.

“Kuni kecha ushbu jamg‘armaning daromad va xarajatlari e’lon qilindi. Raqamlarni ko‘rib, mana shunday og‘ir sharoitda ham bizni ‘boqimanda’, xalq hisobiga kun ko‘rib yurgan monopolistlarimiz ‘bezbetlarcha’ katta-katta mablag‘larga ega bo‘layotganligi asablarni tarang qilmoqda.

E’tibor qiling: koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun mamlakat bo‘yicha 907 miliard, shifoxona va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun jami 684 milliard so‘m ajratilgan bir vaqtda iqtisodiyotni qo‘llab quvvvatlash degan band bilan bizni ‘boqimanda’, ‘erkatoy’ monopolchilarimiz bo‘lgan ‘Uzbekistan airways’ AJga ssuda tariqasida 406 mlrd, ‘Uzbekistan airports’ AJga ssuda tariqasida 101 mlrd, ‘O‘zbekneftgaz’ AJga subsidiya hisobida 401 mlrd, ‘Birinchi rezinotexnika zavodi’ MChJga ssuda tariqasida 40 mlrd, ‘Issiqlik eelektr stansiyalari’ AJga subsidiya tariqasida 500 mlrd, ‘Hududiy elektr tarmoqlari’ AJga ssuda tariqasida 250 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan. Bir nechta monopolistga ajratilgan mablag‘ jami koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablag‘dan ham ko‘p. Bu insofsizlik emasmi?”— deb ta’kidlaydi deputat.

“Iste’molchi sifatida xalqimizga tanlov imkoniyatini bermaydigan hurmatli monopolchilarimizni faoliyatidan odamlarimiz shu kunga qadar rozi bo‘lib kelganda ham alam qilmasdi. Ayting qaysi biridan biz rozimiz: dunyoda neft narxi minus darajaga tushgan vaqtda ham benzin narxini bir ikki haftaga nomiga tushirib, yana qaytarib qo‘ygan ‘o‘yinchi’ ‘O‘zbekneftgaz’danmi, bilet narxlari osmon, sifati past ‘Uzbekistan airways’ nomli havo yo‘llaridanmi yo joylarda normal chiroq yoqib o‘tirishdan ham mahrum qilayotgan elektr tarmoqlaridanmi?

Ayting hurmatli monopollar: xalq boshiga tushgan kulfat vaziyatda siz qaysi xizmatingiz uchun bu pullarga sherik bo‘layapsiz? Shu kunlarda ham xalq bo‘yniga o‘ligingizni tashlashga uyalmaysizmi?

Mana monopoliyaning oqibati: ular davlat va xalqni tanasidagi zulukdek o‘lguncha so‘rishadi, xalq kulsa ham o‘lsa ham ular doimo yuk, millionlab odamlar bir nechta ‘erkatoy’ni boqishga mahkum bo‘ladi. Shu sabab, davlat bu zuluklardan kechib maydonni mard, halol, mas’uliyatli raqobatchilarga tezroq bo‘shatib berishi kerak”,— deydi Kusherbayev.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 95 mln dollar ajratgani, milliarder Alisher Usmonov ham “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Marhamat tumanidagi ehtiyojmand oilalarga 2,5 milliard so‘m ajratgani haqida ma’lumot berilgan edi. Shundan so‘ng Usmonov Namangan viloyatidagi ehtiyojmand oilalarga ham 12,5 milliard so‘m mablag‘ ajratgani xabar qilindi.

Shuningdek, Deputat Doniyor G‘aniyev hududlarni koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyorlash choralarini taklif etgan.

Undan tashqari koronavirusga chalinib, iste’foga chiqqan qirg‘izistonlik sobiq deputat mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni tanqid qilgan edi.

Янгиликлар