DTM ro‘yxatdan o‘tgan, lekin to‘lov qilishga ulgurmagan abituriyentlarga murojaat qildi

Davlat test markazi 20-iyul kuni 2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish rasman yakunlanganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, jami 1 484 085 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Ma’lumki, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar testda ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (111 500 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirishi kerak. Test sinovlari uchun to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmagan hisoblanadi va test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.

DTM matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, lekin to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlar mavjud bo‘lib, ular 21-iyul kuni soat 23:59 qadar to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qariyb 1,5 million nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgani haqda xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, abituriyentlar ta’lim shakli bo‘yicha kunduzgi, ta’lim tili bo‘yicha o‘zbek tiliga eng ko‘p hujjat topshirgan.

Янгиликлар