Toshkentda koronavirusga chalingan 55 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda virus qurbonlar soni 99 taga yetdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 55 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 55 yoshli R.Sh. ismli erkakda 19-iyul kuni COVID-19 aniqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

Ta’kidlanishicha, bemorga koronavirus infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 23-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra 18 531 nafarni tashkil etgan. Hozirda  9872 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. 8560 nafar bemorga esa shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар