Eron—Afg‘oniston—O‘zbekiston yo‘nalishida ilk avtokarvon tashkil etiladi
O‘zbekiston, Afg‘oniston va Eron davlatlari vakillari ishtirokida 2020-yil 22-iyul kuni videokonferensaloqa shaklida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, uchala tomon uchun birdek manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekistondan transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Afg‘onistondan mamlakat transport vaziri Yamo Shams, Erondan esa mamlkatning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilning yanvar—iyun oylari davomida temiryo‘l transporti orqali Afg‘onistondan va Afg‘onistonga yuk tashuvlari hajmi 2,5 million tonnani tashkil etgan. Bu 2019-yilning mos davriga nisbatan 50,6 foiz o‘sishga erishilganini anglatadi. Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan transport koridorlarini rivojlantirish bilan bog‘liq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda transafg‘on temiryo‘lining qurilish masalasi hamda “Shimol-Janub” transport koridori doirasida Eronning “Choxboxor” porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari muhokama qilingan.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Eron—Afg‘oniston—O‘zbekiston yo‘nalishida ilk avtokarvonni tashkil etish taklifini bildirgan. Ta’kidlanishicha, ushbu avtokarvonning tashkil etilishi yo‘nalish bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishga va ularning yechimi yuzasidan aniq choralarni ko‘rishga imkoniyat yaratadi. Mazkur taklif Afg‘oniston va Eron tomonidan ham ma’qullangan.
Bundan tashqari, Eronning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi hamkorlikdagi loyihalarni davom ettirish maqsadida davlatlar o‘rtasida maxsus ishchi guruhini tashkil etish va transport sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi bitim imzolashni taklif qilgan. Tomonlar yangi hujjatni shakllantirish uchun uch tomonlama ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olgan.
Eron tomoni multemodal transport koridorini tashkil etish davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishga katta turtki berishini alohida qayd etib o‘tgan. Muhammad Islomi, shuningdek, 2021-yilda Eron tomoni Choxboxor portidan mamlakatning Zaxedon shahrigacha temiryo‘l qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini bu esa, o‘z navbatida, davlatlar o‘rtasida yuk tashuvlar hajmining ortishiga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tgan.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti So‘ronbay Jeenbekov 17-iyul kuni transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov bilan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi masalasida onlayn uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.