Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy sayti haker hujumiga uchradi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy sayti 24-iyul kuni haker hujumiga uchradi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 20:00 holatiga ko‘ra, sayt manzili orqali bosh sahifaga tashrif buyurilganda faqat “Konkursga o‘tish” yozuvi va unga biriktirilgan havola faol ko‘rsatilgan. “Konkursga o‘tish” yozuviga biriktirilgan havola orqali keyinga sahifaga o‘tilganda haker(lar) tomonidan qoldirilgan murojaat kelib chiqadi.

Skrin: “Kun.uz”

“Axborot xavfsizligi qani, akalar? Bizning nomzodni o‘tkazmagan, voy mening akaxonlarim! [email protected]”, — deya murojaat qoldirgan haker.

Shuningdek, sayt manzili ma’lumotnomasida “hamma ma’lumot menda” degan xabar ham qoldirilgan. Ammo yozuv muallifi qanday ma’lumotlarni qo‘lga kiritganiga aniqlik kiritmagan. Shu paytga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy saytini ishdan chiqargan haker biror talabnoma yoki shartini bildirmagan.

Agentlik rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, sayt bilan yuz bergan muammolar tez orada bartaraf etiladi.

Avvalroq Kiberxavfsizlik markazi tomonidan davlat organlari hamda tashkilotlarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash reytingi aniqlangani haqda xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Namangan viloyati hokimligi reytingda birinchi o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Prezident farmoni bilan 2020-yil 29-iyun kuni tashkil etilgan. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ishga qabul qilinadigan xodimlar Bosh prokuratura akademiyasida ta’lim oladi.

Янгиликлар