Toshkentda daraxtga urilgan “Lacetti” yonib ketdi

Toshkent shahri Yashnobod tumanida boshqaruv yo‘qotilib, daraxtga urilishi natijasida “Lacetti” avtomashinasi yonib ketdi.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmat

Ma’lum qilinishicha, 24-iyul kuni soat 18:50 larda Toshkent shahar Yashnobod tumani Nukus ko‘chasida 1996-yilda tug‘ilgan S.M. “Lacetti” rusumli transport vositasida A.Qodiriy ko‘chasidan A.Temur ko‘chasiga tezlikni me’yoridan oshirgan holda harakatlanayotib, ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lni ajratuvchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, daraxtga urilgan. Shundan so‘ng transport vositasida yong‘in yuzaga kelgan.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmat

Oqibatda, haydovchi tan jarohati olib, shifoxonaga olib ketilgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Toshloqda “Matiz” va “Damas” ishtirokidagi YTH oqibatida haydovchilardan biri vafot etgan edi.

Янгиликлар