Koronavirusga tahlil natijalari haqida 3 kunda telefon orqali xabar beriladi
“Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.
Farmonga muvofiq, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash bo‘yicha quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi:
— har bir oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlar tashkil qilinadi hamda ular uchun soddalashtirilgan yo‘riqnoma ishlab chiqiladi;
— laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlili usullari kiritiladi;
— aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini 3 kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish choralari ko‘riladi;
— tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi axborot almashish tizimi soddalashtiriladi — hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq jarayonlar elektron tizimga o‘tkaziladi.
Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga harbiy shifokorlar ham jalb qilinishi e’lon qilingan edi. Shuningdek, “O‘zekspomarkaz”ga joylashtirilgan koronavirus bemorlarining yaqinlari ularning ahvolidan monitor orqali xabardor bo‘lishi xabar qilingan edi.