O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 22 mingga yaqinlashdi
O‘zbekistonda 28-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 194 kishiga oshib, 21 893 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi kasallanish holatlarining 163 nafari Toshkent shahrida, 26 nafari Samarqand viloyatida hamda 5 nafari Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Ayni paytga qadar Toshkent shahrida 381 nafar, Toshkent viloyatida 82 nafar, Andijon viloyatida 41 nafar, Sirdaryo viloyatida 23 nafar, Namangan viloyatida 20 nafar, Buxoro viloyatida 17 nafar, Navoiy viloyatida ham 17 nafar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 nafar — jami 591 nafar bemor tuzalib, rekord natija qayd etildi.
Hozirga qadar 12 265 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (56 foiz) sog‘aygan. Ayni paytda 9502 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 40 yoshli homilador ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqda xabar berilgandi.