O‘zbekistonda qancha aholi kambag‘al ekanligi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishning 2030-yilgacha strategiyasi va konsepsiyasi tayyorlanmoqda. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholining nochor qismiga ko‘mak berish maqsadida komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan. Lekin pandemiya ko‘p sohalarda ish o‘rinlarini yaratishga, kambag‘allikka qarshi kurashishga katta zarar yetkazib kelyapti.

Uning ta’sirini yumshatish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” harakati yo‘lga qo‘yildi. Uning doirasida xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlariga asosan, karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali oilalarga, yakka yolg‘iz va nogironlarga hamda o‘z daromadini yo‘qotgan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan 321 mingga yaqin oilalarga 127 milliard 700 million so‘mdan ziyod mablag‘lar sarflandi.

“O‘zbekistonda odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbasiga ega emasligi va kambag‘alligi uzoq yillar ‘yopiq mavzu’ bo‘lib keldi. Prezidentimiz joriy yilda Oliy Majlisga murojaatnomasida bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Dastlabki hisob-kitoblar yurtimizning 12—15 foiz yoki 4—5 million aholisi kambag‘al ekanligini ko‘rsatdi”, — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 20-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev “Saxovat va ko‘mak” harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

Avvalroq Oltinko‘lda “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida ehtiyojmand oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida umumiy qancha mablag‘ xayriya qilingani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu harakat doirasida Andijon IIB 101 million so‘m xayriya qilgan. Uning ortidan Toshkent viloyati IIBB Probatsiya bo‘limi tomonidan “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida ichki ishlar organlari nazoratida bo‘lgan 150 ga yaqin shaxsga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan.

Keyinchalik DXX “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida yordamga muhtoj oilalarga 329 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatgani xabar qilindi.

Shuningdek, milliarder Alisher Usmonov ham “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida Marhamat tumanidagi ehtiyojmand oilalarga 2,5 milliard so‘m ajratdi. Shundan so‘ng Usmonov Namangan viloyatidagi ehtiyojmand oilalarga ham 12,5 milliard so‘m mablag‘ ajratgani xabar qilindi.

Янгиликлар