Farg‘onada suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 25 mln dollar kredit ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasi 29-iyul kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, “Farg‘ona viloyatida suvdan samarali foydalanish darajasini oshirish jamg‘armasi” tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘lari Farg‘ona vilotida irrigatsiya tizimlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, suv xo‘jaligi irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni ta’mirlash-tiklash, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish, suv xo‘jaligi obyektlarida boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish tadbirlariga yo‘naltiriladi.

Qayd etilishicha, jamg‘armaga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 25 million AQSh dollari ekvivalentida so‘mda kredit ajratish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur kredit 3 yil muddatga, shu jumladan, 1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR + 3 foizda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan loyihalarning manzilli ro‘yxatlariga muvofiq bosqichma-bosqich ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi qarz oluvchi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan kreditdan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi. Kreditning asosiy qarz qismi va foiz to‘lovlari Suv xo‘jaligi vazirligining Farg‘ona viloyatida joylashgan tizim tashkilotlarini saqlash uchun har yili viloyat mahalliy byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni maqbullashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘ hisobidan qoplanadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayev va Farg‘ona viloyati hokimi Shavkat Gʻaniyev zimmasiga yuklangan.

Avvalroq Farg‘ona viloyati Quva tumani hududidagi Karkidon suv ombori hududida turizm maqsadlarida investitsiya kiritish sharti bilan 5 gektar yer maydoni 12 lotga bo‘linib, savdoga chiqarilgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар