Toshkentda koronavirusga chalingan 60 yoshli ayol vafot etdi

Koronavirusga chalingan Toshkent shahrida yashovchi 60 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 60 yoshli M.A. (ayol)da 15-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan. 22-iyul kuniga qadar bemor uy sharoitida davolangan, klinik belgilar kuchayganligi sababli Ibn Sino nomli 1-sonli klinik shifoxonasiga olib kelingan, holati og‘irligi inobatga olingan holda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir miokard infarkti asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Buxoroda koronavirusga chalingan 68 yoshli ayol vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 30-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra 23 078 nafarni tashkil etgan. Shulardan 13 432 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 9512 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.