“Straus House” mansabdor shaxslariga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Kompaniya ta’sischisi 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchilar Ibrohim Isroilov (“Straus House” MChJ ta’sischisi), A.Mahmudaliyev (“Straus House” MChJ direktori), D.Qutpiddinov (“Straus House” MChJ direktori o‘rinbosari) va O.Saidov (“Straus House” MChJ bosh hisobchisi)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi O.Ilhomjonov raisligida ko‘rib chiqilgan. E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

  • ta’sischi Ibrohim Isroilov Jinoyat kodeksining 238-moddasi (Yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining “a” bandi bilan oqlanib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ning 3-qismi, 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)ning 1-qismi, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 9 yil muddatga;
  • direktor A.Mahmudaliyev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 7 yil muddatga;
  • direktor o‘rinbosari D.Qutpiddinov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil 5 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bosh hisobchi O.Saidov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari, 184-moddasining 3-qismi, 189-moddasining 1-qismi va 227-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Fuqarolar — Ibrohim Isroilov, A.Mahmudaliyev va D.Qutpiddinovga tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Shuningdek, jinoyat ishi yuzasidan xatlangan mol-mulk tegishli tartibda jabrlanuvchilarga nisbatan yetkazilgan zararlar o‘rnini proporsional tartibda qoplash uchun qaratilishi belgilangan. Bundan tashqari, sudlanuvchilardan solidar tartibda tegishli tartibda davlat foydasiga 222 386 043 so‘m undirilishi belgilangan.

Oliy sud axborotiga ko‘ra, Ibrohim Isroilovdan “Ezoz Max” va “Sfs Max” MChJlarning faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar undirilishi, Ibrohim Isroilov, A.Mahmudaliyev, D.Qutpiddinov va O.Saidovdan solidar tartibda “Straus House” MChJning faoliyati yuzasidan jabrlanuvchilar foydasiga yetkazilgan moddiy zarar miqdori undirilishi belgilangan.

Jinoyat ishi yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamentining ATIB “Ipoteka bank” Mehnat filiali hisob-raqamida saqlanayotgan hamda xatlangan Pokistonning “Chemikals & Marbels Lahore Pakistan” kompaniyasiga tuyaqush jo‘jalarini sotib olish maqsadida shartnomaga asosan ko‘chirilgan 1 854 000 000 so‘m miqdoridagi pullar tegishli tartibda yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga proporsional tartibda qaratilishi belgilandi, deyiladi Oliy sud xabarida.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Yangi shahar ko‘chasi, 16-uyda joylashgan “Straus House” MChJ mansabdor shaxslari Toshkent shahar, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi jismoniy va yuridik shaxslar bilan 2019-yilning yanvar—aprel oylari davomida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrikadan “Ostrich” zotli tuyaqush (straus) jo‘jasini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali ularning ishonchiga kirgan. Respublikaning turli viloyatlarida yashovchi 300 dan ortiq fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilinib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Янгиликлар