Koronavirusga chalinib, iste’foga chiqqan qirg‘izistonlik sobiq deputat mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni tanqid qildi
Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasining Bishkek shahar kengashi raisi Ermek Usubaliyev deputatlik lavozimidan iste’foga chiqdi. Uning o‘zi bu haqda “Kaktus.media”ga ma’lum qilgan.
Deputat kasal bo‘lib qolganligi tufayli 13-iyul, dushanba kuni Bishkek hududiy saylov komissiyasiga ariza yozgan. Usubaliyevning so‘zlariga ko‘ra, u Jo‘qorg‘i Kengesga bo‘lajak saylovlarda qatnashmaydi va hozirgi paytda hokimiyat tepasida turish niyatida emas.
“Biror kishidan kamchilik topishni yoki kimnidir haqorat qilishni xohlamayman, lekin hozirgi vaziyat, haqiqatan ham, bizning qay darajada ekanligimizni ko‘rsatdi. 25 yil ichida davlatni tamom qildik va buni hamma ko‘ryapti. Bu — uyat va sharmandalik! 5—6 ming so‘m maosh oladigan bechora oddiy odamlar vaziyatni o‘zlari saqlab qolishlari mumkin. Chunki ular bir-birlariga yordam beradi,” — deydi Ermek Usubaliyev.
Deputatning ta’kidlashicha, ikki hafta davom etgan kasallik paytida har kuni oddiy fuqarolarda uchraydigan muammolariga duch kelgan. “Hamma joy band, hamma joy to‘la. Tanishlaring ketidan yurolmaysan. Navbatni buzib ‘men zo‘rman’ deb o‘tib ketolmaysan, achinarli holat”, — deydi deputat.
Bundan tashqari, deputat hozirgi fojiadan biroz vaqt o‘tgach, mamlakatni inqirozdan qanday olib chiqish kerakligini tushunadigan mutlaqo yangi yo‘nalish (partiya emas) shakllanishi haqida ham gapirib o‘tgan.
Avvalroq Qirg‘izistonda 511 kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 17-iyul kuni transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov bilan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi masalasida onlayn uchrashuv o‘tkazgandi.