Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ishga qabul qilinadigan xodimlar Bosh prokuratura akademiyasida ta’lim oladi
Bosh prokuraturada 18-iyul kuni Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati, tegishli boshqarma boshliqlari, Bosh prokuratura akademiyasi mutasaddilari hamda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari ishtirok etdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura zimmasiga yuklatilgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonunchilikni yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va boshqa tashkiliy ishlar ko‘lami tahlil etildi.
Ta’kidlanishicha, Prezidentning 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqadigan vazifalar quyidagilar:
— “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, “E-Anticor.uz” elektron platformasi va korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta’minotni ishga tushirish;
— Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga birinchi marta ishga qabul qilinadigan xodimlar Bosh prokuratura akademiyasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni qamrab oluvchi maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha ta’lim olishini tashkil etish.
Tadbir yakunida bajarilishi nazarda tutilgan vazifalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.
Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Telegram’dagi kanalida agentlikka murojaat yo‘llash va ishga joylashish masalalari bo‘yicha ma’lumot bergandi. Uning ta’kidlashicha, agentlikka ishga qabul qilishning tanlovga asoslangan, shaffof tizimini yo‘lga qo‘yish ustida ish boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Prezident farmoni bilan 2020-yil 29-iyun kuni tashkil etilgan. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishdan iborat.