O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga harbiy shifokorlar ham jalb qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul, dushanba kuni Toshkent shahrida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu boradagi ishlarning samaradorligini, aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar hisobotini tingladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimot shaklidagi muhokamada O‘zbekiston bosh vaziri, markaziy muassasalar, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga jalb etilgan boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.

Davlat rahbari 15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi epidemiologik vaziyatni jilovlashdagi ishlarni jiddiy tanqid qilib, kasallarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xabarda ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida bu borada qisqa vaqtda tashkiliy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” pavilyonida, gimnastika saroyida, “Yoshlik” sport majmuasi va boshqa binolarda koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qo‘yish, zaruratga ko‘ra davolash uchun sharoit yaratilmoqda. Ular pandemiya talablari asosida jihozlanib, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanmoqda.

Kasallikka chalinganlar va ayni kunlarda pnevmoniyadan aziyat chekayotganlarga amaliy yordam tariqasida 10 ta maxsus poliklinika tashkil etildi. Ularning faoliyati tun-u kun yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolar bu yerga murojaat qilish orqali malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlash milliy tizimini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, poytaxtdagi sport majmualari negizida tashkil etilayotgan taqsimlash markazlari va yangi klinikalarni tibbiy xodimlar bilan ta’minlash, koronavirus bilan xastalangan shaxslarni samarali davolashga mamlakat harbiylari, harbiy-tibbiy muassasalarning xizmatchilari va tibbiyot mutaxassislarini jalb qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, tibbiyot xodimlarining smenadagi mehnatiga har kuni, o‘z vaqtida haq to‘lash, ularni zarur yakka tartibdagi himoya vositalari, oziq-ovqat va yotoq bilan ta’minlash zarurligi qayd etilgan. Muhokama yakunida mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga bu boradagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga to‘xtalib, aholi uchun koronavirusga test topshirishning qulay tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida topshiriq bergan hamda dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qilgan. Shuningdek, koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani uchun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan bergan.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirgan. Shundan so‘ng O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustga qadar uzaytirilgan.

Янгиликлар