Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Chubak hoji Jalilov vafot etdi. U pnevmoniyaga chalingandi
Taniqli din arbobi, Qirg‘iziston sobiq muftiysi 45 yoshli Chubak hoji Jalilov 11-iyulga o‘tar kechasi Bishkekdagi Milliy kasalxonada vafot etdi, deya xabar bermoqda “24.kg” respublika muftiyatiga tayanib.
Qayd etilishicha, u bir kun avval pnevmoniya dastlabki tashxisi bilan kasalxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan.
Janoza namozi sanitariya-epidemiologiya normalariga amal qilgan holda Bishkekda o‘tkazilgan bo‘lib, unda mamalakatning turli burchaklaridan minglab qirg‘izistonliklar ishtirok etgan.
Tashrif buyurganlarning barchasi niqobda, bir-birlaridan 1 metr masofa saqlagan holda turgan. Marhumga hech kim yaqinlashmagan, bunga ruxsat berilmagan.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Qirgʻizistonlik din olimi Chubak hoji Jalilovning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.
Ma’lumot uchun, Chubak hoji Jalilov 1975-yilda o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan. Islomiy bilimlarni Qirgʻiziston va Saudiya Arabistonidan olgan. 2008—2010-yillarda Qirgʻiziston musulmonlar idorasining fatvo boʻlimini boshqargan, 2010—2012-yillarda muftiy boʻlib ishlagan.