Qozog‘iztonda bir kunda 1707, Qirg‘izistonda esa 511 kishida koronavirus aniqlandi. Rossiyada infeksiya qurbonlari soni 12 mingga yaqinlashgan

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 17-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 66 895 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 40 256 nafari to‘liq sog‘aygan, 375 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1707 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Rossiya—Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonliklarni poyezdda olib kelish boshlangani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 17-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko’ra, 13 101 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 3821 nafari sog‘ayib, 173 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 9107 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 5,94 foizga yoki 511 kishiga ko‘paygan.

Avvalroq Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Sobirjon Abdikarimovda pnevmoniya, uning o‘rinbosari Nurbo‘lot Usenbayevada esa koronavirus aniqlangani xabar qilingandi.

Foto: “RIA Novosti”

Tojikiston

Tojikistonda 17-iyul soat mahalliy vaqt bilan 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6741 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5431 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 56 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston prezidenti yordamga muhtoj fuqarolarga bir martalik yordam puli berish bo‘yicha qarorni imzolagani ma’lum qilingandi.

Foto: “AFP”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif yakuniga bag‘ishlangan brifingda missiya rahbari Katrin Smolvud mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayangan holda Turkmanistonda COVID-19 infeksiyasiga chalinish holati borligini tasdiqlamagan.

Foto: “Regnum”

Rossiya

Rossiyada 16-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 752 797 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 531 692 nafari sog‘aygan, 11 937 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 6428 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар