Samara va Orenburgda to‘planib turgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelinishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston hukumati Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan minglab mehnat muhojirlarini vatanga qaytaradi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘mitasi Kun.uz’ga xabar bergan.

Foto: Meduza

Ma’lum qilinishicha, Rossiya va Qozog‘iston chegarasida O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytish uchun tranzit yo‘lagi ochilishini kutib to‘planishi holati kuzatilmoqda. Rossiya tomonidan ma’lumot berilishicha, Samara oblasti Bolshaya Chernigovka rayonida 1700 nafar, Orenburg oblastining Buzuluks rayonida esa 700 nafarga yaqin o‘zbekistonliklar to‘plangan.

“Bu raqamlar va mahalliy hokimiyatlar, chegara xizmatlari berayotgan ma’lumotlarda farq mavjud. Shu sababli chegara hududlarida to‘planib qolgan o‘zbekistonliklarning ro‘yxatini shakllantirish ishlari boshlandi. O‘z navbatida, Rossiya tomoni bilan O‘zbekiston fuqarolarini ‘O‘zbekiston temiryo‘llari’ poyezdlarida olib kelish masalasi muhokama qilinmoqda”, — deyiladi DXX ma’lumotida.

13-iyul kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari T.Golikov boshchiligidagi koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha tuzilgan operativ shtab bu borada ijobiy javob berishi kutilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini grafik asosida olib o‘tish bo‘yicha Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga erishilgan.

Poyezdlar Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokida harakatlanadi. Orenburgdagi fuqarolar uchun chipta narxi 8 500 rubl (120 dollar), Samaradagilar uchun 10 100 ming rubl (145 dollar) bo‘ladi. Narxlar o‘zgarmaydi. Olib kelingan fuqarolarning 1200 nafari Namanganga, 900 nafari Toshkent viloyatidagi “O‘rtasaroy” karantin markaziga joylashtirilishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonga qaytish uchun Rossiyadagi vatandoshlardan 87 816 ta so‘rov (so‘nggi bir kunda 290 ta) bo‘lgan. Ulardan 5664 nafari moliyaviy qiyin ahvolda. Ko‘pchilik Rossiyadan amalga oshirilayotgan charter reyslarning narxi qimmatligidan norozi bo‘lgan va mashinada vatanga qaytishga qaror qilgan. Shu bois temiryo‘l reyslari tashkil etildi.

Янгиликлар