O‘zbekistonda iyul—sentabr oylarida tugaydigan ijtimoiy nafaqalar to‘lash muddati yarim yilga uzaytirildi

Shavkat Mirziyoyevning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2020-yilning iyul—sentabr oylarida tugaydigan ijtimoiy nafaqalar to‘lash 6 oy muddatga uzaytiriladi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 600 mingdan 1 million 200 mingga yetkaziladi. Yil oxirigacha aholini qo‘llab-quvvatlashga budjetdan jami qo‘shimcha 2,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, Prezidentning yangi farmonida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yanada kuchaytirish maqsadida hamda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 400 mingdan ko‘proq oilalarga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Avvalroq O‘zbekistonda sentabr oyidan pensiyalar 10 foizga oshirilgani haqda xabar berilgandi. Farmonga ko‘ra, pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Янгиликлар