Samarqandda “Malibu” va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida 3 kishi voqea joyida halok bo‘ldi

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Samarqand viloyati, Samarqand tumanida 1-iyul kuni “Malibu” va “MAN” avtomashinalari o‘rtasida yo‘l transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand tumani “Andijon” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1095-kilometrida 51 yoshli T.T.ning boshqaruvida bo‘lgan “MAN” rusumli yuk avtomashinasi va 49 yoshli Z.J. (ayol) boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” rusumli avtomashinasi to‘qnashgan. Oqibatda “Malibu” avtomashinasining yo‘lovchilari 50 yoshli M.K., 51 yoshli J.S. va 48 yoshli A.A. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Buxoroda “Cobalt” yuk mashinasining ostiga kirib ketishi oqibatida uch kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар