Epidemiolog nega Germaniyada koronavirusdan o‘lim darajasi past ekanligini izohladi

Germaniyada koronavirusdan o‘lim holatlarining pastligi, qariyalarning kasallanish soni pastligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, dedi professor Tobias Kurt.

Foto: Bloomberg

Tobias Kurtning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya epidemiologik holatga jiddiy qaragani ham xavfning keskinligini kamaytirgan.

“Bizda epidemiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt bor edi. Bizning sog‘liqni saqlash tizimi bunday holatga allaqachon puxta tayyorgarlik ko‘rgan edi”,— dedi u RBK’ga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, Yevropaning janubiy mamlakatlari, masalan, Italiya, bemorlar sonining keskin o‘sishiga duch keldi, ba’zida ular davolanish uchun yetarli to‘shak va tibbiy buyumlarga katta ehtiyoj sezishdi, deya ta’kidladi epidemiolog. Bundan tashqari, Germaniya qariyalar orasida koronavirus tarqalishining oldini ololgandi. Avvalroq Buyuk Britaniya va Shvetsiya rasmiylari qariyalar uylarida koronavirus tarqalishining oldini ololmaganliklaridan afsusda ekanliklarini bildirishgan.

Ma’lumot uchun 2020-yil 4-iyul holatiga ko‘ra, Germaniyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 197 000 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 181 300 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. O‘lim holatlari esa 9 073 taga teng.

Янгиликлар