O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni tashish uchun xorijdan maxsus reanimobillar olib kelindi

Oʻzbekistonga koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarni transportirovka qilish uchun xorijda ishlab chiqarilgan 15 ta maxsus reanimobillar olib kelindi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Xabarda aytilishicha, ushbu reanimobillar defibrillyator, EKG va sunʼiy nafas berish apparatlari, dori-darmonlar kabi barcha kerakli vositalar bilan jihozlangan boʻlib, bemorni bir manzildan tibbiyot muassasasiga yetkazib borguncha uning hayotini saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Shuningdek, bemorlarni tashishda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida reanimobillar biobokslar bilan taʼminlangan. Ushbu maxsus nasilkaning ustiga qilingan qoplamada darchalar boʻlib, ular orqali tibbiyot xodimi bemorga bemalol muolajalar oʻtkazishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 2017—2018-yillarda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta tez tibbiy yordam xizmati uchun 1500 ta yangi ixtisoslashgan avtomashinalar xarid qilingan.

2020-yilning yanvarida esa Toshkentning tez tibbiy yordam xizmati uchun xorijdan keltirilgan 150 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bermorlar soni 7-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra 10 587 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan 6 690 nafari sog‘aygan, 39 nafari vafot etgan.