O‘zbekistonda kema haydovchilarini tayyorlash tartibi belgilandi

O‘zbekiston hukumati tomonidan 4-iyul kuni “Kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zA

Qarorga muvofiq, kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda kema haydovchisi guvohnomalarini berish quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:

  • Transport vazirligi – I, II va III guruhlarga kiruvchi kemalar boʻyicha;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi – kichik hajmli kemalar boʻyicha;
  • Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari – oʻziga tegishli I, II va III guruhlarga kiruvchi kemalar hamda kichik hajmli kemalar boʻyicha;
  • I, II va III guruhlarga kiruvchi kemalar va (yoki) kichik hajmli kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyat boʻyicha berilgan lizenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan ham amalga oshiriladi.

Qaror bilan kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda kema haydovchisi guvohnomalarini berish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, kema haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Talabgor kema haydovchisi guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar (test sinovlari, suhbat (bilet asosida), kemani boshqarish boʻyicha amaliy imtihon) topshiradi.

Imtihonlar natijalari boʻyicha talabgorlarga kema haydovchisi guvohnomalari beriladi. Guvohnomalar vakolatnoma (ishonchnoma) bilan berilmaydi hamda u berilgan kundan boshlab 10 yil muddatga amal qiladi.

Qarorga muvofiq, avval berilgan kema haydovchisi guvohnomalari 2020-yil 31-dekabrga qadar haqiqiy hisoblanadi.

Янгиликлар