O‘zbekistonda karantin davrida muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish uchun 20 mlrd so‘m ajratildi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari o‘rnatildi. Unga ko‘ra, volontyorlarga yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Endilikda moddiy ko‘mak yuklarini o‘z manziliga yetkazib berishda asosiy yordamchi bo‘lgan volontyorlar mahalliy hokimliklar tomonidan zarur himoya vositalari – tibbiy kombinezon, tibbiy niqob, qo‘lqop, dezinfeksiya vositalari, shuningdek, uzluksiz harakatlanish uchun avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolayotgan eng muhtoj oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini sotib olish hamda homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari orqali yetkazib berish uchun davlat tomonidan 20 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Kelgusida davlat tomonidan karantin davrida aholining muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zaruratga qarab yana qo‘shimcha mablag‘lar ham ajratiladi. Davlat tomonidan karantin sharoitida qiyinchilikka duch kelayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ham tizimli chora-tadbirlar belgilandi.

Mutasaddilarga nodavlat ta’lim tashkilotlari (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, oliy ta’lim tashkilotlari) faoliyatini o‘rgangan holda karantin cheklovlari joriy etilganligi munosabati bilan faoliyatida moliyaviy muammolarga duch kelayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ushbu masala yuzasidan alohida Vazirlar Mahkamasining qarorini tayyorlanadi.

Yirik tadbirkorlik subyektlariga karantin cheklovlari amal qilgan davrda tegishli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlarida sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan xodim belgilash tavsiya etildi.

Avvalroq karantin davrida 120 mingga yaqin oilalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar berilgandi.