Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lida yuk mashinasi ag‘darilib ketdi

Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining 270-kilometrida Toshkent—Vodiy yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan “Shacman” yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetiga ag‘darilib ketgan. Bu haqda FVV xabar berdi.

Yo‘l-transport hodisasi yuzasidan 14-iyul kuni soat 11:55 da “Qamchiq” maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Voqea joyiga zudlik bilan “Rezak” navbatchilik maskanidan qutqaruvchilar, yo‘l-patrul va tez tibbiy yordam xizmatlari xodimlari yuborilgan.

Hodisa oqibatida yengil tan jarohati olgan mashina haydovchisiga birinchi tibbiy hamda psixologik yordam ko‘rsatilgan.

Avvalroq Qamchiq dovonida “Isuzu” jarga qulashi oqibatida 2 kishi voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар