“Qamchiq” dovonida “ISUZU” jarga quladi. 2 kishi voqea joyida vafot etdi

Namangan viloyati Pop tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida 8-iyul kuni “ISUZU” avtomashinasi halokatga uchradi. Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, Pop tumani hududidan o‘tuvchi “Toshkent – O‘sh” avtomobil yo‘lining 223-kilometrida 28 yoshli J.J. sement yuklangan “ISUZU” rusumli avtomashinasini “Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, boshqaruvni yo‘qotgan. Yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, jarlikka ag‘darilib ketishi oqibatida avtomashina haydovchisi J.J. va yo‘lovchisi 23 yoshli Sh.J.lar tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan.

Foto: Tergov departamenti

Mazkur holat yuzasidan Pop tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq “Qamchiq” dovonida “Nexia” yuk mashinasiga borib urilishi oqibatida 2 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар