Abdulaziz Komilov Vengriya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020-yilning 16-iyul kuni Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi O‘zbekiston—Vengriya munosabatlari to‘g‘risida fikr almashilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan 2019-yil oktabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining majlisi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Vazirlar turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqdilar, ikki tomonlama uchrashuvlarning kun tartibi va tashkiliy jihatlarini batafsil ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish zarurligini qayd etdilar, deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish uchun salohiyat mavjudligi tasdiqlangan, ikki tomonlama savdo hajmlarini oshirish mexanizmlari muhokama qilingan.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan Vengriya Vengriya Tashqi istisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida diplomatik tayyorlov hamda axborot va hujjatlar bilan almashinuv sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv Memorandumi imzolandi.

Avvalroq O‘zbekiston Ozarbayjon—Armaniston chegarasida yuz bergan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan edi.