Buxoroda o‘zini AOKA va “Yurt salohiyati” gazetasi vakili deb tanishtirgan soxta muxbirlar qo‘lga olindi

Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘zlarini O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakillari va “Yurt salohiyati” gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Olot tumanidagi dehqon bozori, savdo do‘konlari, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, karantin qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo obyektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish bilan qo‘rqitgan.

Tadbirkorlarning tuman IIBga qilgan murojaatidan so‘ng ularning shaxsiga oydinlik kiritildi. Ularning 1975-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan X.Sh.Sh., 1976-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan M.U.M. va 1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan K.E.M. ekanligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruv davomida ularning yonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi” degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog‘i tushirilgan xizmat guvohnomalari, bozor va savdo do‘konlarini tasvirga olgan qo‘l telefonlari va boshqa ayrim tegishli hujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Yurt salohiyati” gazetasi 2019-yil 19-sentabrda agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Ushbu nashr va muassis Agentlikka daxldor emas va xizmat guvohnomasida agentlik nomi qonunga zid ravishda kiritilgani qayd etilgan.

Янгиликлар