“Tibbiyot mutaxassislarining reproduktiv salomatlik bo‘yicha targ‘ibot ishlari kutilgan samarani bermayapti” — Oliy Majlis Senati

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, yoshlar, madaniyat va sport hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari xalq deputatlarining Toshkent va Samarqand viloyatlari kengashlari bilan 15-iyul, chorshanba kuni videokonferensaloqa shaklida qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Senatorlar, xalq deputatlari Toshkent va Samarqand viloyatlari kengashlari doimiy komissiyalari a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, 2019-yilda Toshkent viloyatida tug‘ruq yoshidagi ayollarning 98 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 34,3 foizida ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Samarqand viloyatida esa ko‘rikdan o‘tkazilgan 97 foiz ayollarning 41,4 foizida ekstragenital, ya’ni yo‘lovchi kasalliklar kuzatilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy bilimlarini oshirish maqsadida tibbiy muassasalar mutaxassislari tomonidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, tibbiyot muassasalari mutaxassislari tomonidan aholi orasida reproduktiv salomatlik bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari kutilgan samarani bermayapti. Tug‘ish yoshidagi ayollarga kontrasepsiya vositalaridan foydalanish ko‘nikmalari haqida kerakli ma’lumotlar va kontraseptiv vositalarning o‘z vaqtida ta’minlanmaslik holatlari mavjud.

Bundan tashqari, Toshkent va Samarqand viloyatlarida onalik va bolalikni muhofaza qilish, onalar va go‘daklar o‘limini keskin kamaytirish, homiladorlik va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tug‘ilishini ta’minlaydigan, homiladorlik, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlar talab darajasida tashkil etilmaganligi oqibatida go‘daklarning asorat va nuqsonlar bilan tug‘ilishi holatlari uchrayotgani ta’kidlangan.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Shuningdek, majlisda Sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi vazirliklari, Toshkent va Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlarining axboroti eshitilgan. Xalq deputatlari Toshkent va Samarqand viloyatlari kengashlari a’zolarining kun tartibidagi masala yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi. Yakunda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilingan.

Янгиликлар