O‘zbekistonda endi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham COVID-19 infeksiyasini davolaydi

O‘zbekistonda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga pullik asosda COVID-19 infeksiyasini aniqlash hamda o‘z shifoxonasida davolashga rasmiy ruxsat berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ushbu infeksiyasini aniqlash yoki davolashda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qo‘yiladigan asosiy talab tegishli sanitariya talablariga javob beradigan sharoitni yaratish hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash yoki davolash bilan bog‘liq faoliyatlari bo‘yicha tegishli ma’lumot (hisobot)larni vakolatli organlarga taqdim etib borish hisoblanadi.

COVID-19 infeksiyasini polimer zanjirli reaksiya (PZR) usulida tekshirishni xohlovchi xususiy tibbiyot tashkilotlari Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazlariga, davolashni xohlovchi xususiy tibbiyot tashkilotlari esa Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkin.

Ushbu tashkilotlarda nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan COVID-19 infeksiyasini aniqlash va davolashda talab etiladigan sanitariya ma’yorlariga rioya qilish hamda bu boradagi faoliyat bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni taqdim etib borish yuzasidan shartnoma imzolanadi.

COVID-19 infeksiyasini serologik usullar (immunoferment (IFA) va immunoxemilyuminessent (IXLA)) yordamida tekshirishni xohlovchi xususiy tibbiyot tashkilotlari tahlillarni litsenziya bilan ruxsat etilgan klinik laboratoriya ixtisosligining IFA yo‘nalishi doirasida amalga oshiradi. Bu tashkilotlar bilan qo‘shimcha shartnoma imzolash talab etilmaydi.

IFA va IXLA usullarida serologik tekshiruvlarni amalga oshirishni xohlagan xususiy tibbiyot tashkilotlari ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini boshlayotganligini ma’lum qiluvchi rasmiy xatni hamda mazkur tekshiruvlar to‘g‘risidagi har kunlik hisobotlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining [email protected] elektron manziliga taqdim etishi kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga test oluvchi xususiy klinikalar ro‘yxati e’lon qilingani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар