Farg‘onada 20 ta yangi tez yordam mashinasida maslahat markazlari faoliyat ko‘rsatadi

Farg‘ona viloyatidagi shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga virusologik va yuqumli kasalliklar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 20 dona “Damas” maxsus sanitar avtomashinalari topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

“Viloyatimizda hozirda 284 ta tez tibbiy yordam mashinalari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda hududlardagi mavjud muammolarni amaliy hal etishga kirishildi. Viloyat hokimligi tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan barcha shahar va tumanlarga 20 dona maxsus ixtisoslashgan tez yordam avtomashinalari olib berildi”, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Umarov.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, viloyatda koronavirusga qarshi kurashish maqsadida maslahat guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus tibbiy himoya vositalari bilan jihozlangan. Yangi sanitar avtomashinalar ana shu markazlarga taqdim etilgan bo‘lib, faqat yuqumli kasallikka uchragan bemorlarga xizmat ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan fuqarolar soni 19-iyul holatiga ko‘ra, 185 kishini tashkil etmoqda. Shundan 166 nafari sog‘ayganlardir. Shuningdek, So‘xda 189 kishi koronavirus yuqtirganlikda gumonlanib, karantinga olingan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi taksi haydovchilarining avtomobillari jarima maydoniga kiritilayotganidan haydovchilarning noroziligi aks etgan video bo‘yicha viloyat IIB rasmiy munosabat bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimiyati va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qilgani va yaxshi ishlagan tez yordam operatorlari va brigadalari moddiy rag‘batlantirilishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар