Toshkentda yaxshi ishlagan tez yordam operatorlari va brigadalari moddiy rag‘batlantiriladi
AOKA huzuridagi shtabda 18-iyul kuni Toshkent shahar hokimi matbuot kotibi Furqat Mahmudxo‘jayev ishtirokida o‘tkazilgan brifingda hokimlik tomonidan pandemiya sharoitida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
“Fuqarolarni bezovta qilayotgan har bir holat yuzasidan tibbiyot muassasalariga 103 raqami uzoq band bo‘lmasligi uchun ish rejimi qayta ko‘rib chiqildi. Yaxshi ishlagan operatorlarni rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yildi”, — deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.
Bundan tashqari, 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda yetib borishi choralari ko‘rilib, yaxshi ishlagan brigadalar uchun ham rag‘batlantirish tizimi qo‘llanadi.
Ta’kidlanishicha, tez yordam brigadasiga 25 ta “Damas” xizmat mashinasi berilgan.
Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalaridagi 423 ta bo‘sh ish o‘rinlarini malakali mutaxassislar bilan zudlik bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi 42 ta kasalxonaga 70 mingta tibbiy niqob, 70 mingta tibbiy kombinezon, 150 mingta tibbiy qo‘lqop, 3 mingta tibbiy ko‘zoynak, 5 mingta tibbiy bosh kiyim, 200 ming baxilla — ularning 1 haftalik ehtiyoji uchun yetkazib berilgan.
Brifingda Toshkent shahridagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va markazlarining 284 nafar xodimi uy sharoitida davolanayotgan bemorlar holidan xabar olishi ham ta‘kidlangan.
Avvalroq Toshkent shahar hokimiyati va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qilgani haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentdan hayfsan olgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentdagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan.